ЯНГИЛИКЛАР

30.04.2025 | 403
.UZ DOMEN ZONASI 30 YOSHDA!

1995-yil 29-aprelda ilk bor ".UZ" yuqori darajali domeni yaratildi va ishga tushirildi. Shu munosabat bilan UZINFOCOM davlat idoralari, IT-kompaniyalar, internet-provayderlar, shuningdek, .UZ hududidagi domen ro‘yxatga oluvchilar vakillari ishtirokida tantanali tadbir uyushtirdi.

Notiqlar orasida nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ham bor:

  • ICANN (Domen nomlari va IP-manzillarni boshqarish korporatsiyasi),
  • H3C Technologies (raqamli infratuzilma uchun global yechimlar yetkazib beruvchisi),
  • RIPE NCC (Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyoni qamrab olgan mintaqaviy internet ro‘yxatga olish markazi),
  • APTLD (Osiyo-Tinch okeani yuqori darajali domenlar ro‘yxati tashkiloti),
  • UNESCO hamda .AZ (Ozarbayjon), .AM (Armaniston), .BY (Belarus), .IN (Hindiston), .KG (Qirg‘iziston), .KZ (Qozog‘iston), .RU/.РФ (Rossiya) kabi yirik milliy domen ro‘yxatlarining vakillari.

Tadbir dasturi tematik panel sessiyalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda mehmonlar global tarmoqning asosiy raqamli tendensiyalari va muammolarini, xavfsizlik uchun eng so‘nggi yechimlarni, yangi protokollar va texnologiyalarni joriy etishni, domen va xosting xizmatlarini targ‘ib qilish strategiyalarini, shuningdek, domen kimoshlari, sun’iy intellekt, blokcheyn va NFT’ni internet ekotizimida qo‘llash masalalarini muhokama qildilar.

.UZ milliy domen hududida IPv6 protokolini qo‘llab-quvvatlashning ishga tushirilishi tadbirning alohida e’tiborga molik jihati bo‘ldi - bu mamlakat tarmoq infratuzilmasini zamonaviylashtirish yo‘lidagi muhim qadamdir.

Bundan tashqari, UZINFOCOM (.UZ) va KazNIC Qozog‘iston tarmoq axborot markazi (.KZ) o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish, domen hududlari va internet infratuzilmasini boshqarish sohasida bilim almashish hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga qaratilgan memorandum imzolandi.