ЯНГИЛИКЛАР
ICANN vakilining tashrifi va O‘zbekiston domen industriyasi rivojlanish istiqbollari muhokamasi
2024 yil 10-oktabr kuni O‘zbekistonda .UZ domeni administratsiyasi, UZINFOCOM yagona integratori tomonidan ICANN vakili (Internet Korporatsiyasi, Domen Nomi va IP-manzillarni boshqarish bo‘yicha korporatsiya) katta menejeri Mixail Anisimov bilan rasmiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mixail Anisimov O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelgan edi.
Ma'lumot uchun: ICANN — Internet Korporatsiyasi, Domen Nomi va IP-manzillarni boshqarish bo‘yicha tashkilot bo‘lib, u 1998-yil 18-sentabrda AQSh hukumati ishtirokida internet domen nomlari, IP-manzillar va internet faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalarni tartibga solish uchun tashkil etilgan xalqaro notijorat tashkilotdir.
Uchrashuvning maqsadi, dunyo bo‘ylab domen industriyasi rivojlanishi, xususan, domen boshqaruvi sohasida yangi texnologiyalarni joriy qilish va infratuzilmani takomillashtirish masalalarini muhokama qilish edi. O‘zbekiston domen industriyasi sohasida muhim o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda va bu uchrashuvda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.
Uchrashuvda yaqinda ICANN tomonidan akkreditatsiyalangan registrator maqomini olgan «SUVAN NET» kompaniyasi vakili ham ishtirok etdi. Bu voqea, .UZ domeni registratorlarining xalqaro jarayonlardagi faol ishtirokini anglatadi.
Mixail Anisimov ICANN registratorlari uchun maxsus ishchi guruh haqida ma'lumot berdi. Bu guruh registratorlarni o‘z faoliyatlarida qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Kun tartibida, shuningdek, CCNSO (Country Code Names Supporting Organization) tashkilotiga a'zo bo‘lishning afzalliklari muhokama qilindi. Bu, O‘zbekistonning domen industriyasi va ICANN faoliyatida faol ishtirokini kuchaytirish hamda xalqaro siyosatlar ishlab chiqilishida ishtirok etish imkonini beradi.
Muhokama qilingan muhim jihatlardan yana biri, O‘zbekistonda L-ROOT serverini joylashtirish masalasi bo‘ldi.
Ma'lumot uchun: L-ROOT server — dunyo bo‘ylab turli tashkilotlar tomonidan boshqariladigan 13 ta asosiy serverlardan biridir. U ICANN tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va internetning ishonchli va tez ishlashini ta'minlaydigan global serverlar tarmog‘ining bir qismi hisoblanadi. Ushbu serverlar DNS tizimining ishlashi uchun muhim hisoblanadi.
Avvalroq, O‘zbekistonda birinchi K-ROOT serveri ishga tushirilgani haqida xabar berilgan edi, bu loyiha UZINFOCOM yagona integratori va RIPE NCC tomonidan amalga oshirilgan edi.
Shuningdek, .UZ domen zonasida domenlar auksionini o‘tkazish loyihasi ham taqdim etildi. UZINFOCOM tomonidan taklif qilingan loyiha kiberbosqin va domenlar ikkilamchi bozori shakllanishiga qarshi kurashishga yordam beradi. Mixail Anisimov ushbu sohadagi shaffoflik va adolatga erishishga bo‘lgan intilishni yuqori baholadi.
Shunday qilib, uchrashuv samarali o‘tdi va uning ishtirokchilari faol hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirdilar, shuningdek, internet infratuzilmasi va DNS tizimini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun tajriba almashish davom ettirilishini ma'lum qildilar. Ushbu muloqot, O‘zbekistonda internet infratuzilmasi va DNS tizimini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikning mustahkamlanishiga zamin yaratadi.