ЯНГИЛИКЛАР 
TOSHKENTDA .UZ DOMENINING 30 YILLIGIGA BAG‘ISHLANGAN RIPE NCC O‘QUV TRENINGLARI BO‘LIB O‘TDI
2025-yil 30-apreldan boshlab O‘zbekiston poytaxtida, .UZ milliy yuqori darajadagi domenining 30 yillik yubileyiga bag‘ishlab, RIPE NCC hududiy internet registratori tomonidan Yagona integrator UZINFOCOM ko‘magida o‘quv tadbirlari tashkil etildi.
Mazkur ta’lim dasturi internet infratuzilmasi va axborot xavfsizligi sohalaridagi uchta muhim yo‘nalishni qamrab oldi hamda mamlakatdagi texnik hamjamiyat orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Tadbirda tarmoq va tizim administratorlari, muhandislar, kiberxavfsizlik mutaxassislari, internet-provayderlar hamda IT-kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Treninglarning asosiy mavzulari:
- Birinchi bo‘lim RIPE ma’lumotlar bazasi bilan ishlashga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar obyektlarni boshqarish ko‘nikmalarini, ma’lumotlarni samarali qidirish va tekshirish usullarini, shuningdek, IP-resurslarni boshqarish uchun RIPE NCC vositalarini o‘zlashtirdilar.
- Ikkinchi trening IPv6 tarmoqlarida xavfsizlik masalalariga bag‘ishlandi. RIPE NCC mutaxassislari himoyalangan IPv6 tarmoqlarini yaratish prinsiplari, trafikni filtrlash mexanizmlari, tahdidlarni aniqlash va tarmoq infratuzilmasining barqarorligini oshirish usullari haqida batafsil ma’lumot berdilar.
- Dastur yakunida BGP marshrutlash xavfsizligiga oid sessiya o‘tkazildi. Ishtirokchilar ushbu muhim protokolning zaif tomonlarini tahlil qildilar va ularni bartaraf etish usullarini o‘rgandilar.
Har bir yo‘nalish nazariy bilimlar bilan birga amaliy mashg‘ulotlarni ham o‘z ichiga oldi, bu esa ishtirokchilarga o‘z bilimlarini amaliyotda sinab ko‘rish imkonini berdi.
Tadbir nafaqat ta’lim maydonchasiga, balki soha mutaxassislari o‘rtasida tajriba almashish uchun samarali platformaga aylandi. Ishtirokchilar tashkilotchilik darajasining yuqoriligini qayd etib, bunday tashabbuslarning davomiyligiga katta qiziqish bildirdilar.
Toshkentdagi RIPE NCC treninglari mamlakatning raqamli infratuzilmasini rivojlantirish va O‘zbekistonning xalqaro internet hamjamiyatidagi mavqeini mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.