ЯНГИЛИКЛАР 
.UZ DOMENI MA'MURIYATI – O‘ZBEKISTONDAGI KORRUPSIYAGA QARSHI XAKATON G‘OLIBI
2025-yil 2-4 may kunlari “Yangi O‘zbekiston” universitetida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha raqamli yechimlarni ishlab chiqishga bag‘ishlangan respublika xakatoni bo‘lib o‘tdi. Yirik IT-tadbir tashkilotchilari — Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, IT-Park, “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti bo‘ldi.
Xakatonda butun mamlakat bo‘ylab 150 ga yaqin iqtidorli yosh IT-mutaxassislar ishtirok etdi. Tashabbusning asosiy maqsadi — korrupsiyaga qarshi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, boshqaruvda shaffoflikni ta’minlovchi innovatsion yechimlarni ilgari surish hamda korrupsiyaga murosasiz bo‘lgan avlodni tarbiyalashdan iborat.
Uch kunlik marafon yakunlariga ko‘ra, birinchi o‘rinni .UZ domeni ma'muriyati xodimlari ishtirokidagi Uzinfocom jamoasi qo‘lga kiritdi. Davlat xaridlari sohasida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olishga qaratilgan blokcheyn asosidagi ularning loyihasi eng mukammal, texnologik va amaliy jihatdan samarali deb topildi.
Mukofot sifatida Uzinfocom jamoasi nafaqat esdalik sovg‘alarni qo‘lga kiritdi, balki O‘zbekistonni xalqaro miqyosda — 2025-yil sentabr oyida Gonkongda bo‘lib o‘tadigan “Coding4Integrity” Osiyo xakatonida himoya qilish huquqini ham oldi. Ushbu tadbir korrupsiyaga qarshi raqamli yechimlarni yaratishga intilayotgan yosh mutaxassislarni birlashtiradi.
Bu yutuq Uzinfocom mutaxassislarining professionalligi va mamlakatda raqamli shaffoflik va ochiq boshqaruvni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasining yana bir tasdig‘idir.