ЯНГИЛИКЛАР

04.10.2022
Ostonada Digital Bridge 2022 keng ko‘lamli IT-forumi bo‘lib o‘tdi

Raqamli texnologiyalar va biznes bo’yicha xalqaro forumini haqli ravishda Qozog‘istondagi eng yirik IT-tadbir deyish mumkin. Digital Bridge 2022 xalqaro IT forumida O‘zbekiston delegatsiyasi bir qator IT yechimlari va startaplari taqdimotlari va ko‘rgazmasida ishtirok etdi.

Mazkur forumning dastlabki kunida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov “Digital Uzbekistan” taqdimoti bilan ishtirok etib, mamlakatimizning IT-texnologiyalari imkoniyatlari haqida batafsil to‘xtaldi va barcha ishtirokchilarni Oʻzbekistonda 24-27 oktabr kunlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan “ICT Week Uzbekistan” tadbirlariga taklif etdi.

“Markaziy Yevroosiyo yangi texnologik platforma sifatida”-bu yilgi forumning mavzusi bo‘ldi. Shu tariqa, uni o‘tkazish chog‘ida turkiy davlatlarning 6 ta texnoparki hamkorlik memorandumini imzoladi. Bitim taraflari Sabah Lab (Ozarbayjon), HTP (Qirg‘iziston), Bilisim Vadisi (Turkiya), Bilkent Cyberpark (Turkiya), IT Park Uzbekistan (O‘zbekiston) kompaniyalari edi. Qozog‘iston Astana Hub xalqaro IT-startup texnoparkini tanishtirdi. Bitim mintaqada AKT va innovatsion ekotizimni hamkorlikda rivojlantirishga qaratilgan. Forum doirasida Turkiya, Ozarbayjon, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston, Turkmaniston, Tojikiston, Falastin va Qozogʻiston kabi turli mamlakatlardan 13 ta texnoparklar ishtirok etgan texnoparklar koʻrgazmasi boʻlib oʻtdi.

Shuningdek, Web3.0 ekotizimini va blokcheyn texnologiyalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalarni ishlab chiqishda shaxsga oid ma’lumotlarni himoya qilish, internet tarmog‘ida bolalar xavfsizligini ta’minlash, sun'iy intellektni rivojlantirish kabi bir qator dolzarb masalalarga e’tibor qaratildi.

Shuningdek, raqamli texnologiyalar va biznes boʻyicha xalqaro forumda “Yagona integrator UZINFOCOM” MChJ nomidan .UZ domen zonasi maʼmuriyati rahbari rasmiy qutlov nutqi hamda panel muhokamasida soʻzga chiqdi, bundan tashqari, “UZINFOCOM” sun’iy intellekt departamenti boshlig‘i “MyID” loyihasini taqdim etdi – bu biometrik identifikatsiya bo‘lib, u jismoniy shaxslarni shaxsning noyob biometrik parametrlari bo‘yicha identifikatsiyalash va autentifikatsiya qilishni ta’minlaydi, ularga bank va boshqa xizmatlarga masofadan va mahalliy sharoitda ruxsatli foydalanish imkoniyatini beradi.

Umuman olganda, Digital Bridge 2022 forumida 25 mingga yaqin mehmonlar, 300 dan ortiq IT-kompaniyalar, 15 mamlakatdan 200 ta spiker, 150 ta venchur investorlar va biznes farishtalar ishtirok etdi. Uning doirasida keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi: 49 panel sessiyasi, texnoparklar va IT-maktablar ko‘rgazmasi, IT startaplar xiyoboni, IT-bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi, Astana Hub Battle, VR, GameDev va turli tematik sessiyalar shular jumlasidandir.