ЯНГИЛИКЛАР
UZINFOCOM 77-ICANN Policy Forumida ishtirok etmoqda
“Yagona integrator UZINFOCOM” kompaniyasi ICANN tomonidan tashkil etilgan muhim xalqaro tadbir 77-ICAN Policy Forumida faol qatnashmoqda. Pandemiyadan so‘ng kompaniyamiz birinchi marotaba yirik xalqaro domenlar bo‘yicha tadbirda bevosita ishtirok etmoqda. Forum 12-15 iyun kunlari Kolumbiya okrugining Vashington shahrida boʻlib oʻtmoqda.
Forumning maqsadi – ICANN siyosati va uning Internetga bo‘lgan global ta’sirini muhokama qilishdan iborat. Ushbu har yili o‘tkaziladigan tadbir butun dunyo bo‘ylab ishtirokchilarni domen nomlari bilan bog‘liq dolzarb muammolar hamda ICANN siyosati va faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha takliflarni muhokama qilish uchun to‘playdi.
ICANN forumi doirasida bir qator muhim masalalar muhokama qilinishi rejalashtirilmoqda. Ular orasida - domen nomlarini taqsimlash siyosatidagi potensial o‘zgarishlarni muhokama qilish, Internet tarmog‘ida intellektual mulkni himoya qilish, shuningdek, domen nomlarining xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni muhokama qilish o‘rin olgan. Bundan tashqari, DNSSEC texnologiyasidan foydalanish mavzusi, domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va boshqarish aspektlari, jumladan, eng yangi texnologiyalarni qo‘llash va ular bilan ishlash metodlariga ham to‘xtalib o‘tiladi. Global internet-ekotizimlari kontekstida masofaviy multisteykholders boshqaruv modeliga, shuningdek, boshqa dolzarb masalalarga alohida e’tibor qaratiladi.
Eslatib o‘tamiz, ICANN – domen nomlari va IP-manzillarini boshqarish bo‘yicha korporatsiya (Internet Corporation for Assigned Names and Numbers), qisqartmasi ICANN – 1998-yil 18-sentabrda AQSh hukumati ishtirokida domen nomlari, IP-manzillari va Internet faoliyatining boshqa aspektlari bilan bog‘liq masalalarni tartibga solish uchun tashkil etilgan xalqaro notijorat tashkilot.
ICANN xalqaro notijorat tashkiloti bilan imzolangan kelishuvga muvofiq, “Yagona Integrator UZINFOCOM” MChJ Oʻzbekiston Respublikasining yuqori darajadagi .UZ domenining Ma’muri bo‘lib, barcha Ro‘yxatdan o‘tkazuvchilar uchun oʻzaro faoliyatning yagona qoidalari va tartiblarini o‘rnatadi, shuningdek, “UZ” domenini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi