ЯНГИЛИКЛАР

14.11.2024
.UZ domeni ma’muriyati ICANN81 ANNUAL GENERAL MEETING asosiy tadbirida ma’ruza bilan ishtirok etdi.

Yagona integrator UZINFOCOM, .UZ domeni ma’muriyatini vakili sifatida, 2024-yil 9-14 noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilayotgan ICANN81 ANNUAL GENERAL MEETING tadbirida ishtirok etmoqda.

Ma’lumot uchun: ICANN (Internetdagi domen nomlari va raqamlarni boshqarish korporatsiyasi) global domen nomlari va internet protokollarini muvofiqlashtirishda asosiy rol o‘ynaydi. ICANN81 ANNUAL GENERAL MEETING tadbiri esa sohaga oid asosiy mavzular va kelajakdagi innovatsiyalarni muhokama qilish uchun ekspertlar va yetakchi mutaxassislarni bir joyga jamlaydi.

ICANN81, internet boshqaruvi va domen industriyasidagi eng yirik tadbir, dunyo bo‘ylab 3200 dan ortiq ishtirokchini, jumladan, global texnik hamjamiyat va internet boshqaruvi mutaxassislarini bir joyga to‘pladi. Ushbu tadbir internetga kirishni yaxshilash bo‘yicha tajriba almashish va muhim mavzularni muhokama qilish uchun maydon bo‘lib xizmat qildi.

.UZ domeni ma’muriyatining vakili .UZ domen zonasining rivojlanishidagi dolzarb tendensiyalar va istiqbollari haqida ma’ruza qildi, shuningdek, blokcheyn va sun’iy intellekt kabi ilg‘or texnologiyalar asosida yangi xizmatlarni joriy etish borasida batafsil ma’lumot berdi.

.UZ domeni ma’muriyati rahbari Asxat Gimranov o‘z chiqishida, .UZ domen zonasi eng yaxshi xalqaro standartlarga moslashga intilib, foydalanuvchilar uchun xizmatlar sifatini oshiruvchi va milliy domen infratuzilmasiga ishonchni mustahkamlovchi innovatsion yechimlarni joriy etayotganini ta’kidladi. Blokcheyn texnologiyalari asosida yangi xizmatlarning ishga tushirilishi, jarayonlarning shaffofligini ta’minlash va kiberhujumlar, shuningdek, noqonuniy domenlardan foydalanish kabi suiiste’molliklarni kamaytirish uchun muhim qadam bo‘ldi. ICANN va shunga o‘xshash forumlar doirasidagi xalqaro hamkorlik nafaqat sohaning yetakchi mutaxassislari bilan tajriba almashishga imkon yaratadi, balki milliy domen zonalarida ilg‘or texnologiyalarni joriy etishga yordam beradi.

ICANN81 tadbirida ishtirok etish .UZ domen zonasi uchun ilg‘or texnologiyalarni qo‘llagan holda milliy internet infratuzilmasining kelgusi rivojlanishi uchun muhim asos bo‘ldi.