ЯНГИЛИКЛАР
UZINFOCOM xalqaro Devcon konferensiyasida ishtirok etdi
2024-yilning 9-17-noyabr kunlari Bangkok, Tailandda, Ethereumning yillik Devcon konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tadbir butun dunyodan blokcheyn hamjamiyati vakillarini bir maydonda to‘pladi.
Devconning asosiy maqsadi – markazlashmagan texnologiyalarni ilgari surish va Ethereumning global darajada kengroq ommalashuviga erishish.
Yagona integrator UZINFOCOM ilk bor Devconda ishtirok etib, O‘zbekistonning eng so‘nggi blokcheyn texnologiyalarini integratsiya qilishga va global raqamli ekotizimda o‘z o‘rnini mustahkamlashga intilishini namoyish etdi.
UZINFOCOM vakillari sohaning yetakchi mutaxassislari bilan samarali muzokaralar o‘tkazib, blokcheyn texnologiyalarini domenlarni boshqarish va xavfsiz raqamli infratuzilmani yaratishda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilishdi. Xalqaro hamkorlik va tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi.
Konferensiyaning ramziy ahamiyatga ega lahzalaridan biri Ethereum asoschisi Vitaliy Buterinning ishtiroki bo‘lib, u platformaning kelajagi va markazlashmagan internetni qurishda uning roli borasidagi qarashlari bilan o‘rtoqlashdi.
Devcon domenlarni boshqarish sohasida blokcheyn texnologiyalarini qo‘llash uchun yangi imkoniyatlarni ochib berdi. Kelgusida domen nomlarini taqsimlash jarayonida shaffoflik va adolatni oshirish maqsadida blokcheyn asosidagi domen nomlari auksioni tizimini kengaytirish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2023-yildan boshlab .UZ domeni ma’muriyati blokcheyn texnologiyalarini domen nomlari uchun NFT-sertifikatlarni chiqarish va Token.uz blokcheyn platformasi faoliyatida qo‘llay boshlagan.