ЯНГИЛИКЛАР 
.UZ domeni Ma’muriyati UNESCO maslahat kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi
2025 yil 10 dekabr kuni .UZ domeni Ma’muriyati UNESCO Internet Universalligi Indikatorlari (IUIs) asosida O‘zbekistonning internet landshaftini baholashga bag‘ishlangan uchinchi ko‘p tomonlama maslahat kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi. Tadbir Toshkent shahridagi Mercure mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi va davlat tashkilotlari, xalqaro tashkilotlar, ekspert doiralari hamda soha vakillarini bir joyga jamladi.
Uchrashuv davomida UNESCO ekspertlari mamlakat internet landshaftini baholash bo‘yicha tayyorlangan Milliy hisobotning asosiy xulosalari va tavsiyalarini taqdim etdilar. Ishtirokchilar raqamli huquqlarni rivojlantirish darajasi, internetga kirish imkoniyati, me’yoriy-huquqiy muhit, shuningdek internet boshqaruvi sohasida xalqaro standartlarni joriy etish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tadbir yakunida UNESCO tashabbuslari doirasida O‘zbekistonning raqamli ekotizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish va keyingi o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.






