ЯНГИЛИКЛАР

23.09.2026 | 75
Toshkentda TLDCON 2026 konferensiyasi boshlandi

22-sentabr kuni Toshkentda milliy domenlar administratorlari va registratorlarining 19-Xalqaro TLDCON 2026 konferensiyasi o‘z ishini boshladi.

Konferensiyaning mezbon tashkilotchisi — Yagona integrator UZINFOCOM. Tadbirda milliy domen ma’muriyatlari va registratorlari, xalqaro tashkilotlar, davlat tuzilmalari hamda texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etmoqda.

TLDCON domen sohasi mutaxassislarini bir maydonga jamlab, milliy domen zonalari va internet infratuzilmasini rivojlantirishning dolzarb masalalarini muhokama qilish hamda amaliy tajriba almashish imkonini beradi.

TLDCON 2026 dasturidan sohaning dolzarb yo‘nalishlari, jumladan, DNS infratuzilmasi va domen ekotizimlarini rivojlantirish, kiberxavfsizlik, domen muhitidagi suiiste’molliklarga qarshi kurashish, milliy domenlarni marketing va targ‘ib qilish, shuningdek, zamonaviy raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektdan foydalanish masalalari o‘rin olgan.

Konferensiyaning birinchi kunida «Internet infratuzilmasida AI: qo‘llab-quvvatlashdan kiberhimoya va domen ekotizimlarigacha» mavzusidagi sessiya bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada .UZ domeni Administratsiyasi dasturchisi Shahnoza Xo‘jabekova ishtirok etdi. U .UZ domen zonasida sun’iy intellektdan foydalanish mavzusida taqdimot qilib, domen ma’muriyati faoliyatida AI texnologiyalaridan foydalanishning amaliy yo‘nalishlari haqida so‘zlab berdi.

Konferensiya doirasida ishtirokchilar domen sohasi, internet infratuzilmasini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llashning dolzarb masalalari yuzasidan tajriba almashishda davom etmoqda.