ЯНГИЛИКЛАР
.UZ домен ma'muriyati ArmIGF 2024da domen nomlari uchun NFT-sertifikat texnologiyasini taqdim etdi.
2024 yil 5-noyabr kuni .UZ domeni ma'muriyati Armanistonda bo‘lib o‘tgan Internet boshqaruvi forumi (ArmIGF)da ishtirok etdi. Bu forum internet boshqaruvi masalalarini muhokama qilish uchun mintaqadagi eng yirik platformalardan biri hisoblanadi. ArmIGF har yili davlat, jamoat va xususiy sektor vakillarini Internet boshqaruvi bilan bog‘liq asosiy masalalarni muhokama qilish, internet imkoniyatlarini rivojlantirish, xavf va tahdidlarga qarshi kurashish, umumiy tushunishni oshirish va dolzarb muammolarni hal qilish maqsadida birlashtiradi.
Forumda .UZ domeni ma'muriyati vakillari ccTLD (mamlakat yuqori darajadagi domenlari) bo‘yicha sessiyada chiqish qilib, domen nomlari uchun NFT sertifikatlarini joriy etish bo‘yicha innovatsion loyihani taqdim etdilar. NFT sertifikati - bu domen nomiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi raqamli sertifikat bo‘lib, u domen egasiga domen nomidan foydalanish bo‘yicha barcha ro‘yxatga olish muddati davomida eksklyuziv huquqni beradi. Ushbu texnologiya blokcheynda raqamli iz qoldirib, domen nomini uning egasi bilan bog‘laydi va uning xavfsizligini hamda huquqiy himoyasini ta’minlaydi.
.UZ domeni ma'muriyati domen tizimining xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash uchun yangi texnologiyalarni faol joriy qilishda davom etadi, shuningdek, O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirish va xalqaro miqyosda uning mavqeini mustahkamlashga o‘z hissasini qo‘shadi.