ЯНГИЛИКЛАР

16.09.2025 | 41
Xalqaro hamkorlik va tajriba almashish TLDCON 2025da

2025-yil 15–16-sentabr kunlari Kaliningrad shahrida MDH, Markaziy va Sharqiy Yevropa mamlakatlarining milliy yuqori darajali domenlari administratorlari va registratorlarining 18-Xalqaro konferensiyasi — TLDCON 2025 bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir Milliy domenlar koordinatsiya markazi tomonidan tashkil etilgan.

Forum registratura vakillari, xalqaro tashkilotlar hamda internet-domenlarni boshqarish sohasidagi ekspertlarni birlashtirdi. Ishtirokchilar domen industriyasining rivojlanishi, kiberxavfsizlik masalalari va yangi texnologiyalarni muhokama qilmoqdalar.

.UZ milliy domeni ma’muriyati onlayn rejimda domen nomlari Auksioni ishga tushirilishi haqida ma’ruza bilan chiqish qildi. Taqdimotda loyihaning maqsadlari, uning infratuzilmani rivojlantirishdagi ahamiyati hamda domen egalari va registratorlari uchun afzalliklari yoritib berildi.

Qayd etilishicha, auksion platformasi savdolar shaffofligini, Premium-domenlarni samarali taqsimlashni va sun’iy intellekt hamda blokcheyn kabi innovatsion yechimlarni qo‘llashni ta’minlaydi.

TLDCON 2025dagi ishtirok .UZ domenining xalqaro imidjini mustahkamlash va milliy internet segmentida ilg‘or tashabbuslarni namoyish etishda muhim qadam bo‘ldi.