ЯНГИЛИКЛАР

09.02.2026 | 45
.UZ domeni ma’muriyati APTLD 89 doirasida ma’ruza bilan ishtirok etdi

2026-yil 31-yanvardan 7-fevralga qadar Iordaniyaning Amman shahrida Osiyo-Tinch okeani yuqori darajali domenlar assotsiatsiyasining 89-yig‘ilishi — APTLD 89 bo‘lib o‘tdi. Tadbirda mintaqaning 50 dan ortiq milliy reyestrlari vakillari ishtirok etdi.
Forum doirasida milliy yuqori darajali domenlarni (ccTLD) boshqarish va rivojlantirish, DNS infratuzilmasi xavfsizligini ta’minlash, sun’iy intellektni o‘z ichiga olgan innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, ro‘yxatga oluvchilar va foydalanuvchilar bilan o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor 2026-yil 4-fevral kuni bo‘lib o‘tgan 6A Sessiyasi — “ccTLDs and Emerging Technologies: Adapting Roles in a Rapidly Changing Internet”ga qaratildi. Ushbu sessiyada sun’iy intellekt, blokcheyn va markazlashmagan tizimlar jadal rivojlanayotgan sharoitda milliy domenlar ma’murlarining o‘rni hamda ccTLD’larning yangi texnologik va boshqaruv chaqiriqlariga moslashuvi muhokama etildi.
Sessiya davomida UZINFOCOM vakili, .UZ domeni ma’muriyati rahbari ma’ruza bilan chiqib, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, barqaror va xavfsiz domen infratuzilmasini rivojlantirish hamda O‘zbekiston Respublikasida raqamli transformatsiyani qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yondashuvlarni yoritib berdi.
APTLD 89 tadbirida ishtirok etish xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish hamda .UZ domenining global internet hamjamiyatidagi o‘rnini oshirishga xizmat qildi.